Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida to‘lov kassalari oldida navbat kattaligi masalasida murojaat eʼlon qilindi.
Mazkur holat bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijasida quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tibbiy tekshiruvlar muassasaning 150 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikasida amalga oshiriladi.
Murojaatlar qamrovi tobora kengayib borayotganini hisobga olinib, markaz poliklinikasida qo‘shimcha tibbiy ko‘rik xonalari tashkil qilingan. Natijada 6 ta ko‘ruv kabinetlari qatorida qo‘shimcha ravishda yana 14 ta ambulator ko‘rik xonasi ochilib, ular soni 20 taga yetkazildi. O‘z navbatida, tibbiyot xodimlari soni ham oshirildi.
Shuningdek, pulli xizmatlar uchun to‘lovlarni qabul qilishga mo‘ljallangan qo‘shimcha kassa faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaz ikkala binosida ham to‘lov qilish imkoniyati yaratilgan. O‘z navbatida, xizmat ko‘rsatuvchi bank maʼmuriyati bilan kelishgan holda kassir xodimlar soni 4 nafarga ko‘paytirildi.
Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan markazda onlayn to‘lovlar qilish imkoniyati yaratilgan. Yaʼni, QR kod orqali to‘lov, PAYME ilovasi orqali to‘lov, infokiosk orqali to‘lov tizimlari yaratilgan.
Murojaatda qayd etilgan xolat ish haftasining boshlanishi, yaʼni dushanba kuni soat 09:00 dan soat 10:00 gacha kuzatilgan, so‘ngra navbat o‘z o‘zidan kamaygan.
Yuqorida qayd etilgan murojaatda keltirilgan eʼtirozlarni inobatga olib, kelgusida bemorlar uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratilishini maʼlum qilamiz.

