Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya markazida o‘rin-kunlar to‘lovi masalasi bilan bog‘liq murojaatga munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘rin-kunlar uchun to‘lov qimmatligi va ushbu to‘lov mehmonxona to‘lovidan qimmatligi masalasida murojaat eʼlon qilindi.

Mazkur holat bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijasida quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot Markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarga narxlar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining "Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarga narx (tarif)larni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qo‘shma qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Bunda, mexmonxona narxidan farqli ravishda bo‘limda faoliyat ko‘rsatadigan vrachlar, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari kechayu-kundux xizmat ko‘rsatishlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida ko‘zda tutilgan qo‘shimcha ish haqi to‘lovlarini inobatga olgan holda shakllantiriladi.

Statsionarda davolanish uchun o‘rin kun to‘lovi shakllanishida sutkada kichik tibbiy xodim tomonidan 4-6 marta tozalash ishlarini olib borilishi, hamshira tomonidan inyeksiyalar olib borilishi, shifokor tomonidan operatsiyadan keyingi jarohatlarni parvarishini va kuzatuvi, gipsli bog‘lamlar qo‘yish va uning xolatini doimiy nazoratini olib borish, eng asosiysi tunu kun tibbiyot xodimlarining (kichik tibbiy xodim, hamshira, shifokor) navbatchiligi  tashkil qilinishi nazarda tutiladi.

Ushbu murojaatda keltirilgan fotosuratlar o‘rganilganda, to‘lov yosh bola uchun qilingan, lekin bolalar davolanadigan 1-umumiy ortopediya bo‘limida bunday xona mavjud emas. Markazning “B” korpusida joylashgan 8 ta bo‘limlarda 3 kishilik palatalar (xonalar) mavjud emas. Barcha palatalar 1 va 2 o‘rindan iborat.

 

Respublika ixtisoslashtirilgan

travmatologiya va ortopediya

ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.